Hammasi bolalikdan boshlanadi
Bolaligimda juda g'alati odatim bor edi. Opam haligacha eslab kuladi. Hech kimni o'rnimga yotqizmas, hammadan qizg'onar, ko'rpalari sal qiyshaysa, yopinchig'i g'ijim bo'lsa, darrov to'g'rilardim. Bola bo'lsam ham, faqat o'z o'rnimda xotirjam uxlardim. Balki, shu sabab judayam ehtiyotlagandirman...

Vaqt o'tgan sari "joy" tuyg'usi kattalashdi. Avval uyim, keyin tumanim, undan so'ng viloyatimni himoya qiladigan, ular haqida biror nojo'ya gap aytganlarga munosib javob qaytaradigan bo'ldim.

Bugun ulg'aydim, ozmi-ko'pmi hayotda o'z o'rnimga egaman. Qo'ldan kelgancha shu yurtga xizmat qilyapman. Endi bolaligimdagi g'alati odatim ham anchayin "katta"! Bugun men Vatanimni bolalikda o'rnimni ehtiyot qilgandan ming chandon ko'proq avaylash harakatidaman. Chunki men uning bag'rida xotirjamman. Menga halovat bergan, yaqinlarimga oshyon bo'lgan maskan endi har nedan qadrli. Yozganlarim bilan undagi bitta bo'lsin insonni yaxshilikka chorlashga intilaman. Bu ham mening nazarimda Vatanga qilinayotgan xizmat. Ko'chasini ifloslantirmaslik, daraxtu gullariga ozor bermaslikdek oddiy ko'ringan ishlar ham yurtga muhabbatning bir ko'rinishi, nazdimda. Balki, kimningdir nazdida men aytayotgan, qilayotgan ishlar u qadar ahamiyatga ega emasdir. Ammo ona-Vatanimga bo'lgan mehrimning chegarasi, nihoyasi yo'q. Undan ayro holda baxtning suratini tasavvur qilolmayman.

O'zimning mana shu kichikkina tajribamga tayanib ayta olamanki, bolalar ongida o'z uyiga, oilasi, bog'cha yoki maktabiga nisbatan ekilgan mehr urug'lari bir kuni ona-diyoriga bo'lgan ulkan muhabbat daraxtiga aylanadi.

Bugun bolangiz joyini birovga bermasa, uni koyimang! Qizg'anchiqlikda ayblamang! Ertaga, inshaalloh, Vatanini ham o'shanday asraydi. Hech kimga bermaydi.

Manba: www.tafsilot.uz