Bepul kafan topilsa, o'lmoq kerak... emas
Yaqinda internetning ko'ngilochar segmentida bir xabar juda ommalashdi: “Erkaklar yetishmayotganligi sababli islandiyalik ayollarga uylangan muhojirlarga oyiga 5000 dollardan to'lanadi”. Bir qarashda juda qiziq, birdaniga o'ziga tortuvchi xabar. Xabar ortidan Islandiyaga qiziquvchilar, elchixonasini surishtiruvchilar ko'paydi.

Xabar matnida ushbu yangilik manbasi Sunday Adelaja’ning blogi ekanligi aytilgan. Afrikalik pastor, nasoro da'vatchisining blogida haqiqatan ham bu xabar chop etilgan. Lekin bironta ham rasmiy yoki norasmiy manbaga ishora qilinmagan.

Bu oddiygina feyk xabar. Internet marketingining yaqqol namunasi: odamlarga qiziqarli bo'lgan yolg'on xabar tarqatish orqali kiruvchilar sonini oshirish.

Kuni kecha Rossiya manbalaridan birida xabar chiqdi: “O'zbekistonda paxta mavsumida uylanish taqiqlandi”. Qayerdan kelib chiqdi bu? Biron rasmiy hujjat bormi? Yo'q, albatta. Bironta tuman FHDYO raisasi tashabbus bilan chiqqan bo'lsa bordir. Lekin bu butun mamlakatga joriy qilindi, degani emas-ku. Bu yangilik ham navbatdagi axboriy to'polon paytida ochko ishlab olish, xolos.

O'tgan yillari KXDR bilan bog'liq bir qancha xabarlar tarqatildi: “KXDR mudofaa vaziri majlisda uxlab qolgani uchun zenit raketasi orqali o'qqa tutib, o'ldirildi”; “Kim Chen In o'z “sevgilisi” bo'lgan qo'shiqchini o'n nafar sozandasi bilan pulemetdan o'qqa tutdi”; “Kim Chen In o'z tog'asini pulemetdan o'qqa tutib o'ldirdi”; “Kim Chen In jamoat xavfsizligi vazirini olovotar bilan tirikligicha yoqdi” va hokazo. Bu xabarlar Rossiyaning rasmiy va ommabop axborot vositalarida chop etilgandan so'ng o'zbek segmentiga ham ko'chib o'tdi. Ko'pchilik o'z hayajonini yashira olmadi.

Keyinchalik ishonchli axborot manbalari orqali o'lib ketgan marhumlar ko'rinish bera boshladi. Qanday qilib? Shimol va Janub koreys axborot to'qnashuvida yuqoridagidek feyk xabarlar tafsilotlari bilan tarqatiladi, shov-shuvga o'ch boshqa axborot vositalari ham ushbu yangiliklarni shundayicha ommaga taqdim qilaveradi. Bu ham yangiliklar marketingining bir turi.

Yana yuqoridagi maqolga qaytamiz. Bundan 13 yil avval yaxshigina davlat ishlaydigan bir do'stim qo'ng'iroq qilib qoldi: “O'rtoq, telefonda gaplashib bo'lmaydigan nozik masala bor. Ishdan ketmoqchiman...”

Ko'rishdik. Vaziyatni bayon qildi: “O'rtoq, siz internetni yaxshi tushunasiz. Gap oramizda qolsin-a. Men hozir arizani yozib keldim. Hali boshliqqa topshirganim yo'q. Siz bilan bir maslahatlashvolay dedim. Men elektron pochta orqali 15 million dollar yutib oldim...”

Xullas, uyog'ini tushundingiz. Do'stimga menga bunaqa xatlar kuniga 2-3 marta kelishi va spamlar, internet firibgarlari haqida yaxshilab tushuntirib, arizani yirtib tashlashini aytdim.

Yaqinda boshqa bir do'stim so'rab qoldi: “Og'ayni, yordaming kerak. AQShdan zo'r ish chiqdi. Qassobchilik. Oyiga $5000 to'lasharkan. Falon o'ris saytidan topdim. Hujjatlarimni tayyorlash uchun ularga 500 dollar yuborishim kerak ekan...”

Yana tushundingiz. Do'stimga ham tushuntirdim.

Dono xalqimiz tekin ishqibozlariga kinoya qilib “Bepul kafan topilsa, o'lmoq kerak” deydi. Yana boshqa maqollarimiz ham bor: “Arzon oldim — armon oldim”, “Arzonning sho'rvasi tatimas”.

Qimmat bo'lsa ham sifatlisidan, foydalisidan qo'ymasin!

Manba: www.davronbek.ziyouz.com