Meni bir kamchiligim bor – befarq bo'lolmayman
Siz bilan bir hikoyani bo'lishmoqchiman.

Biroz kirish qilaylik. Meni bir kamchiligim bor – beparvo, befarq bo'lolmayman. Bir necha yil oldin qishloqdan shaharga ko'chib keldim va hali-hanuz nega bu erda yordamga muhtoj kishining yonidan bee'tibor o'tib ketish yoki bolali ayolni ijara haqini to'lay olmagani uchun uydan uloqtirib tashlashni odatiy holday qabul qilishlariga hech tushunmayman. To'g'ri, istisno hollar ham bo'lib turadi, biroq tez-tez emas.

Menda esa teskari, kimdadir katta muammosi borligini ko'rsam yuragim og'riydi. O'zimni hech nimani sezmaganday, ko'rmaganday tuta olmayman. Kimdir baxtsiz bo'lsa, baxtli bo'la olmayman. Shuning uchun kimdir haqiqatan yordamga muhtoj bo'lsa, albatta, yordam qo'lini cho'zaman.

2006 yil. Bir kuni ishim tugagach, savdo markaziga bordim. U erdan chiqayotganimda esa e'tiborimni yosh ona va kichkina qizaloq tortdi. Ayolning tushkun ruhda ekanligi aniq sezilib turardi:

— Nima kerak senga?!
— Ovqatlangim kelyapti, — dedi sekingina qizaloq.

Ulardan bir necha qadam nariroqda ota-onalar farzandlariga turli xil shirinliklar sotib olar edi. Qizaloqning odmigina kiyinganidan va xafa bo'lib gapirganidan uning g'ashlik qilmayotgani, aksincha, haqiqatan ham biror nima egisi ko'rinib turardi. Ammo uning onasi jahl qilib, uni turtib yubordi. Qizaloq uning hayotini izdan chiqarganini aytib baqirdi va ko'zdan g'oyib bo'ldi. Biror nima deyishga ham hayron qoldim. Qizcha o'rnidan turdi, onasi qaerga ketganini tushunolmay, bir chetga o'tib, yig'lay boshladi. Bu yig'i taltaygan bolaning baqiroq yig'isi emas edi, bu siltab, qo'pol muomala qilinib tashlab ketilgan bolaning mungli, so'zsiz yig'isi edi.

Qizaloqqa juda achindim, biroq bu ishga aralashishga ikkilandim. Onasi qaytib keladi va ular yarashib oladi, deb o'yladim. 20 daqiqacha o'tdi. Qizchaning yoniga hech kim yaqinlashmadi, eng asosiysi, uning onasidan darak ham yo'q edi. Boshqa bunday o'tirolmasdim. Uning yoniga borib, yupatishga to'g'ri keldi. Shuni aytish kerakki, notanish bola bilan gaplashayotganda o'zingizni noqulay his qilasiz, go'yo atrofdagi hamma senga yomon niyatli odamga qaraganday bo'ladi. Biroq aslida atrofdagilarning biz bilan ishi ham yo'q edi.

U biroz uyatchan edi, avvaliga men bilan gaplashishga qo'rqdi, lekin uning onasini topishni so'rab soqchini chaqirganimdan so'ng, u menga ishona boshladi. Biz uning yoshi oltidaligini, yoshi Dasha ekanligini bilib oldik. Uning och qolganligi yodimga tushib ketdi. Uning onasini kutayotgan vaqtimiz men unga egulik sotib olib berdim. Avval u rad qildi, ammo ochlik ustunlik qildi. Keyinroq bilsam, qizcha kun bo'yi hech nima emagan ekan. Ayol bilmadim qaerga yo'qoldi, xullas, polisiya chaqirishga majbur bo'ldik. Qizchani uning ota-onasini topib, topshirishlari uchun qonun himoyachilari qo'liga topshirishdan boshqa yo'lim qolmadi. Ammo shu bilan hammasi joyiga tushib ketmasligini his qildim. Baxtimga, polisiyada tanishim borligi sababli qizchaning keyingi taqdiri to'g'risida boxabar bo'la oldim.

Ayon bo'lishicha, qizaloqning dadasi onasini allaqachon tashlab ketgan, ayol esa farzandini yolg'iz katta qilishga majbur bo'lgan. U juda kam pul topardi, chunki homiladorlik uning hayoti va karerasini izdan chiqargandi. Ayol buni qiziga doim eslatib turardi. Natijada ayol boladan butunlay qutilishga qaror qilgan va uni shunchaki tashlab keta qolgan. “Nima bo'libdi? Baribir Mehribonlik uyiga olib borishadi”. Qizcha yig'lab onasidan kechirim so'ragan va uni uyga olib ketishini aytib yolvorgan. Ammo onasi undan voz kechgan. Dasha juda qiynalgan. Qisqa qilib aytganda, ayolda onalik mehridan zarracha ham yo'q ekan.

2008 yil. Ayolim bilan va nihoyat Dashani qiz qilib oldik. U sakkiz yoshda, 2-sinfga boradi. Bungacha murakkab hujjat ishlari tufayli uning Mehribonlik uyida yashab turishiga to'g'ri keldi. Ammo biz tez-tez Dashani borib ko'rib turardik, unga va boshqa bolalarga sovg'alar olib borardik. Ba'zi tanishlarim bola asrab olishga salbiy qarashadi: “Birovning bolasi. U senga nega kerak?”

2015 yil. U 15 yoshga kirdi. Vaqt ko'z yumib ochguncha o'tib ketadi-ya?! Uni asrab olganimga afsuslanamanmi yo'qmi, shu haqda tez-tez so'rab turadi. Aslo. Hech qachon afsuslanmaganman, afsuslanmayman ham.

Nega men buni sizga aytib berdim? Mana shunday odatlarim uchun tanishlarim meni ko'ngli bo'sh deyishadi. Emishki, insonlarga qancha yaxshilik qilsang ham evaziga hech nima olmaysan. Adashasiz! Evaziga men bu dunyo uchun befoyda inson emasligim anglayman. Demak, mening hayotim bemazmun, bema'no, arzimas emas.

Hayot beshafqat, ammo har birimiz uni o'zimizning ezgu amallarimiz bilan yaxshi tomonga o'zgartirishimiz mumkin. Shunday ekan o'zingizga hech kimga yordamim kerak emas, degan fikrni singdirgan bo'lsangiz, shunchaki atrofingizga yana bir bor yaxshilab qarang!

Manba: www.xabardor.uz