Mashinadagi surat
Bir joyga yig'ilishga juda shoshib ketayotgandim. Yo'l yuzida qo'l ko'tardim. Oppoq “Lasetti” to'xtadi. Pulini kelishmasdan xam o'tirib oldim. Yo'lda ketarkanmiz, fikru-xayolim majlisga kechikmaslik. Biroz yurgach radiodan eshitilayotgan sokin musiqa tinchlantira boshladi. Nasib qilgan vaqtda etib boraman-da!

Mashina ichiga razm sola boshladim. Did bilan bezatilganidan ko'rinib turibdiki, haydovchi yigit mashinasiga qattiq e'tibor beradi. Ko'zim old oynaning burchagiga biriktirilgan suratga tushdi. Oppoq ro'moldagi yuzlari nurli onaxon surati edi.

— Onangizmi? — so'radim qiziqishimni yashirolmay.
— Ha — dedi yigit yo'ldan ko'zini uzmasdan.
— Uzr-ku, onangiz hayotmilar?
— Xudoga shukr, — yigit negadir ko'zini yo'ldan uzib, menga tezgina qarab oldi. — Nega so'rayapsiz?
— O'zim, shunchaki...

Biroz sukunatdan keyin yigitning o'zi gap boshladi:
— Bilasizmi, ko'pchilik qiziqadi nega bu suratni yopishtirding deb. Buning ikki sababi bor. Biri — katta tezlikni yaxshi ko'raman. Mashina kam yo'lga tushib qolsam oyog'im beixtiyor gazni qattiqroq bosadi. Onamning suratlariga ko'zim tushgach, o'z-o'zidan tezlikni kamaytiraman. Bitta o'g'ilman, menga bir narsa bo'lsa onam g'amni ko'tara olmaydi deb qo'rqaman...

Uning gaplarida jon bor edi.

— To'g'ri, dedim-u o'ylanib qoldim: barcha tez yuradiganlar shunday qilsa bo'larkan.

Haydovchi yani sukutga tolgancha yo'lida davom etardi.

— Kechirasiz uka, ikkinchi sababini aytmadingiz? — deb so'radim.
— Ikkinchisi va asosiysi — onam doim ko'z oldimda. Ko'chadagi ishlar, tashvishlardan siqilib ketsam ularning yuzlarini ko'rib barchasini orqaga tashlayman. Onam suratini kuni bilan ko'rsam xam qattiq sog'inaman baribir. Uyga shoshilaman. Peshonamdan o'pib, kutib olishlarini tasavvur qilsam, ishlarimni yanayam tezroq bitirishga urinaman.
— Sog'insangiz, tez-tez telefon ham qilib turasizmi?
— Albatta. Ikki soatdan ortiq ovozlarini eshitmasam o'zimni qo'yarga joy topolmayman.
— Yaxshi...

Ichimda esa “Maqtanchoq ekanmi, go'yoki boshqalar onasini yaxshi ko'rmaydigandek” degan o'y o'tdi.
Lekin beixtiyor uni o'zim bilan solishtirishga tushdim. Onamning rasmlari yonimda yo'q. Telefonimda yoki papkalar ichida chang bosib yotganini aytmaganda. Uyga xam bu yigitdek shoshmayman. Telefonda esa...

Shu payt unga qo'ng'iroq bo'ldi. Mendan uzr so'rab mashinani chetga oldi. Uzoq gaplashgani yo'q, lekin shu qisqa vaqt ichida “Onajon”, “Labbay”, “Xo'p bo'ladi” kabi so'zlarni ishlatar, juda xushmuomala bo'lib gapirardi.

Unga razm sola boshladim. Telefonda gaplashyaptiku har safar “Xo'p bo'ladi” deganda egilib ketay deyapti, go'yoki onasi qarshisida turgandek. Ko'zlarida esa so'z bilan ta'riflash mushkul darajadagi quvonchni ko'rsa bo'lardi. Xuddi yosh bolakayning onasiga talpingandagi quvonchiga o'xshaydi. Farqi shunda ediki yonimda yosh bola emas, kap-katta yigit o'tirar edi.

U bolalikdagi o'sha mehrni saqlab qolgan edi. Unga havasim kelardi. Agar bu yigitni onamlar ko'rganlarida edi uning onasiga ularning xam havaslari kelishi aniq edi. Yoki mendan qattiq o'ksinarmidilar shu yigitchalik e'tiborli bo'lmaganim uchun?

Negadir ichimdan bir achchiq narsa toshib kela boshladi. Ovozim bo'g'ilib, hiqildog'imga kelib taqaldi. Manzilga qanday etib borganimni bilmayman. Majlisga xam ignaning ustida o'tirgandek bo'ldim. Tushlik payti esa uyga shoshdim, qo'limda onam sevgan gullardan tuzilgan guldasta.

Uyga yaqinlashganim sayin kayfiyatim ko'tarila boshladi. Men juda xursand edim, onamni esa qanchalik sevinishlarini o'ylab yuzimda tabassum bilan eshik qo'ng'irog'ini chaldim.

— Assalomu alaykum onajon.
— Vaaleykum assalom. Tinchlikmi, bu paytda kelmasding-ku? — xavotir olib so'radilar.

Orqamda yashirib turgan guldastani uzatdim:
— Sizni juda sog'inib ketdim...

Manba: www.darakchi.uz
waplog