Hisobi aniq
Buvam yoymachi-baqqol edilar. Yoshlari bir joyga borib qolganiga qaramay, Xudo bergan kuni kallai saharlab bozorga yo’l olardilar. Qarindosh-urug’larning qat’iy e’tirozlariga qaramay, yumushlarini qo’ymasdilar.

- Uyalmay qo’yaqollaring, men ishdan to’xtasam, o’lib qolaman. Allohga shukr, farzandlarim toparman-tutarman, mehribon, ro’zg’orda kamchiligim yo’q. Lekin imkoniyati qadar har bir odam tirikchiligini o’zi o’tkazishi kerak – deb aytar edilar.

O’qishdan keyin bozorga borib u kishidan xabar olardim, dam olish kunlari esa kun boyi birga bo’lardik. Buvam doimo: “Halolidan qo’ymasin, tekin baribir teshib chiqadi” – deb ko’p takrorlardilar.

Sakkiz yoshlarda bo’lsam kerak, bir kuni yo’ldan uch so’m pul topib oldim. Buvam ham ko’rdilar: “Cho’ntagingga solma, olib borib birorta muhtojga ber” – dedilar. Shu payt ro’paradan kelayotgan uch-to’rt mahalladosh kishilar buvam bilan so’rashib ketishdi. Men bolalik qilib, pulni cho’ntagimga soldimu... unutdim.

Uyga kechqurun qaytdik. Buvam xufton namozini o’qib, biroz hordiq chiqarganlaridan so’ng savdodan tushgan pulni sanay boshladilar. O’rgansin deb meni ham yordamga chaqirdilar. Har gal ikki marta sanaydigan odam bu gal uch marta sanadilar. Lekin ko’ngillari to’lmadi.

- O’glim, negadir pul ancha kam chiqyapti, qani, yana bir sanachi – dedilar.

Sanadim, natija bir xil edi. Ko’zoynaklari ustidan menga sinchiklab qarab: “Sen hech narsa olmagan edingmi?” – deb so’radilar.

- Yo’q.

- Nega bo’lmasam kam chiqayapti? – deb hayol surdilar.

Men hijolat bo’la boshladim. Shu payt buvam:

- To’xtachi, ertalab topib olgan pulingni nima qilding? – deb so’rab qoldilar.

Sekin cho’ntagimdan pulni chiqardim.

- Mana, yonimda.

- Men nima degan edim.

- Esimdan chiqib ketibdi.

- Ey bo’tam, tekin topilgani teshib chiqadi baribir. Mana, kasri bugungi savdomizga uribdi. Tez falonchi qo’shniga chiqarib berda, tavba qil – dedilar siniq ohangda.

Manba: "Irfon" taqvimi
waplog