Og'ir yuk
Bir yigit buvasiga arzi hol qildi:
– Hayot ziddiyatlarga to'la. Sizning esa doim kayfiyatingiz chog'. Xafa bo'lganingizni, birovdan ranjiganingizni ko'rmayman. Sizga o'xshashga shuncha harakat qilsam ham, uddasidan chiqolmayapman.

Oqsoqol bir zum o'ylanib, dedi:
– Kelishib olaylik, har safar kimdandir yo nimadandir norozi bo'lganingda menga bitta tosh olib kelasan.
– Qanaqa tosh?
– Farqi yo'q. Xohishingga qarab ko'tarib kelaver.

Yigit buvam shunaqa qilib o'zini ovutarkan-da, deb o'yladi-yu, uning gapini ikki qilgisi kelmadi. U yoki bu vaziyatdan dili xira tortganda shartni bajardi.

Kunlardan birida qariya nabirasini chaqirib, xona burchagida turgan og'zi bog'liq qopga ishora qildi:
– Anavini ko'tar-chi.
Yigit qopni elkasiga ortmoqladi. O'ziyam og'irgina ekan, bukchayib qoldi.
– Qaerga olib borish kerak? – so'radi zo'rg'a nafas olib.
– Hech qaerga, o'zing bilan olib yurasan. O'tirsang ham, tursang ham zinhor yelkangdan qo'yma.

Yigit qariyaning gapini tushunmay bir muddat kalovlanib turdi-da, keyin qopni yelkasidan tashlab yubordi. Ichini ochib qarasa, o'sha o'zi yig'ib kelgan katta-kichik, qing'ir-qiyshiq toshlar.
– Shuyam hazil bo'ldimi, buva! Bu zilday matohni ko'tarib yurishning kimga keragi bor?! – dedi yigit ranjigan ohangda.

Qariya mehr bilan nabirasining yelkasini siladi.
– To'g'ri aytasan, bolam, bu yukning hech kimga keragi yo'q. Ranj-alamga to'la ko'ngilning ham ana shu qopdan farqi bo'lmaydi. Xotirada saqlanib qolgan dilxiralik foydasiz yuk misoli elkangni bosib turadi debdi. Hozirgidek orqangga tashlamasang yashashga qiynalasan...

Manba: "Kumush sahifalar" kanali
waplog