O'g'lim bergan tarbiya
Uylanganimdan uch yil o'tib farzand ko'rdim. Darhol bola tarbiyasiga oid kitob-risolalar sotib oldim, rafiqam bilan o'tirib ota-onamiz bizga bergan o'git va pandlarini eslaydigan bo'ldik. Bola ulg'ayarkan, unga kundalik odoblar, axloq qoidalarini o'rgata boshladik. “Taomni o'ng qo'lingda ye...”, “Yotib ovqat yema...”, “O'zingdan kattaga salom ber...”, “Hojatdan so'ng albatta qo'l yuvilishi kerak...”

Kunlarning birida bozordan non sotib olib, uyga piyodalab keta boshladik. O'sha kuni tushlik qilmagandim, qornim tatalab ketyapti. Uyga borishgacha sabrim chidamay yelimxaltada turgan nonga qo'l cho'zdim: bir burdasi bilan qorinni aldab ketay... Qo'lim nonga tegar-tegmas orqadan ogohlantirish keldi:

– Ada, non yemoqchimisiz? Qo'llaringizni yuvmagansiz-ku!

Darrov hushyor tortdim. Hozir nonni ushatib olishim bolamga ovqat yeyishdan oldin qo'l yuvish kerakligi haqida bergan tarbiyamni yuvib ketishini o'yladim.

– Ha-ya, rost aytasan, o'g'lim. Qo'llarim yuvilmagani yodimdan ko'tarilibdi. Eslatganing uchun rahmat. Nonni uyda, qo'llarni yuvib yeymiz...

Ayolim bilan shu haqda eslashib kulishdik. Shunda onasi bir gapni aytib qoldi: “Sizning har bir xatti-harakatingiz o'g'lingiz kuzatuvi ostida. U sizga taqlid qiladi. Iltimos, ehtiyot bo'ling...”

Bunaqa payt inglizlarning mashhur maqoli yodga tushaveradi: “Bolalaringizni tarbiya qilmang. Ular baribir sizga o'xshashadi. Siz o'zingizni tarbiya qiling”.

Manba: “Irfon” taqvimi
waplog