Qo'shnichilik
Bir kishi zarurat tufayli katta qarzga botdi. O'ylay-o'ylay, uyini sotishga qaror qildi. Musulmon odobi bo'yicha uyini birinchi bo'lib qo'shnisiga taklif etdi. Bu gapdan hayron qolgan qo'shni:

– Nega sotyapsiz? – deb so'radi undan.
– Katta qarzim bor, shuni to'lashim kerak, – dedi u.
– Qancha narx belgiladingiz? – deb so'radi qo'shnisi.

Odam uyning asl bahosi ancha baland ekanini, lekin qadrdon qo'shnisiga arzonga berishini, qarziga etadigan pul kifoyaligini aytdi.

– Qarzingiz qancha? Kimdan olgansiz? – deb so'radi qo'shnisi.

U bu savollarga kerakli javoblarni berdi.

– Mayli, ertaga chiqing, gaplashamiz, – dedi qo'shnisi.

Odam kelishilgan vaqtda yana qo'shnisining eshigini qoqdi. Salom-alikdan so'ng qo'shni asosiy gapga o'tdi:

– Men kecha borib, siz aytgan odamga qarzingizni to'lab keldim. Endi undan qutuldingiz. Hech qaerga ketmang. O'z uyingizda bemalol yashayvering.
– Ie, bu nima qilganingiz? – dedi xijolat tortib u. – Axir qarzim hazilakam pul emas edi. Katta zarar-ku bu sizga!

Qo'shni bu gapga shunday javob berdi:

– Men buni zarar hisoblamayman. Agar sizday halol, yaxshi qo'shnimdan ayrilganimda chinakamiga zarar ko'rgan bo'lardim...

Manba: www.tafsilot.uz
waplog