Sizdan onamning ifori kelyapti
O'quv yili boshida oltinchi sinf rahbari Ma'suda opa uch-to'rt oy avval beshinchi sinfni bitirgan o'quvchilari oldida turardi. U mehrli nigohi bilan ularga boqar ekan hammalarini birdek yaxshi ko'rishini va ular bilan yana diydorlashganidan mamnunligini aytdi. Bu – katta yolg'on edi, negaki old qatordagi partalarning birida bukchayib o'tirgan Alisherni o'qituvchi yomon ko'rardi. Ma'suda opa bu bola bilan boshqa o'quvchilari qatorida o'tgan yili tanishgan edi. O'shanda ayol Alisherning boshqa sinfdoshlari bilan o'ynamasligini, doimo kir kiyimda yurishini va undan go'yoki hech qachon yuvinmagandek hid kelib turishini payqagan edi. Vaqt o'tgan sayin muallimaning bu bolaga nisbatan munosabati tobora yomonlashib bordi. Va shungacha borib taqaldiki – ustoz Alisherning yozgan vazifalarini qizil ruchka bilan bo'yab tashlab, tagiga bir baho qo'ygisi kelib ketardi.

Kunlardan bir kun o'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari barcha o'quvchilarning maktabda o'qishni boshlagan paytdan beri to'plangan tavsifnomalarini (xarakteristika) tahlil qilib chiqishni so'radi. Muallima yomon ko'rgan o'quvchisining shaxsiy papkasini eng oxiriga surib qo'ydi. Boshqa o'quvchilar hujjatlarini o'rganib chiqqach so'ngida Alisherning qog'ozlarini hohlamaygina o'rgana boshladi. Va... u erdagi ma'lumotlardan karaxt bo'lib qoldi.

Bolakayni birinchi sinfda o'qitgan boshqa muallima u haqida shunday deb yozgan edi:
“Bu tilla bola. Yuzidan, tabassumidan nur yog'ilib turadi. Uyga berilgan vazifalarni toza va bexato bajaradi. Uning yonida bo'lish insonni faqat xursand qiladi”.

Ikkinchi sinfda o'qitgan ustozi esa bola haqida shunday fikr bildirgan edi:
“Alisher – boshqalardan yaxshi jihatlari bilan ajralib turadigan va do'stlari orasida hurmati baland bo'lgan o'quvchi. Faqatgina oilasida bir muammo bor: onasi tuzalmas dard bilan kasallangan va bola o'z uyida o'lim bilan kurashayotgan odam iztiroblarini kuzatib yashaydi”.

Uchinchi sinf o'qituvchisining yozganlari yanada achinarli edi:
“Onasining o'limi bola ruhiyatiga juda qattiq zarba bo'ldi. U bor kuchi bilan o'qishga harakat qilyapti, biroq otasini Alisherning hayotiga nisbatan qiziqishi so'ngan. Agar choralar ko'rilmasa, bular bolaning o'qishiga yomon ta'sir ko'rsatishi mumkin”.

To'rtinchi sinf o'qituvchisi esa quyidagilarni yozgan edi:
“Bola juda lanj, o'qishga umuman qiziqishi yo'q. Ko'pincha darslarda uxlab qoladi”.
Barcha tavsifnomalarni o'qib chiqqan Ma'suda opa o'zining Alisherga bo'lgan munosabatidan uyalib qoldi. Vijdoni qiynay boshladi. Bir voqea esa uni yuragini battar ezib yubordi. Yangi yil arafasida barcha o'quvchilar unga zarqog'ozlarga o'ralgan turli sovg'alarni hadya qilishardi. Ustoz yoqtirmagan bolaning sovg'asi esa dag'al jigarrang qog'ozga o'ralgan edi. Muallima Alisher bergan o'ramdan bir nechta toshlari tushib qolgan oddiy bilakuzukni va bor-yo'g'i chorak qismigacha to'la bo'lgan atir shishasini chiqarganda boshqa o'quvchilar sinfdoshining ustidan kula boshladilar. Biroq Ma'suda opa o'zini yo'qotib qo'ymadi va “Juda chiroyli bilakuzuk ekan” dedi va qo'lidagi atirni ochib bilagiga sepib oldi. Bu bilan u sinfda ko'tarilgan kulguni so'ndirgan edi.

Shu kuni Alisher darslardan keyin ushlanib qolib ustozining yoniga keldi va:
- Bugun sizdan onamning hidi kelyapti, rahmat,- deb chiqib ketdi.
O'quvchisi ketgandan keyin Ma'suda opa uzoq yig'ladi.

Shu kundan boshlab muallima bolalarga adabiyot va yozuvdan tashqari mehr-oqibatni, insoniylikni ham o'rgata boshladi. Bunday ta'limot boshlangan so'ng ozmuncha vaqt o'tgach Alisherning hayotga qiziqishi qayta boshladi. O'quvchilar qatoridan joy oldi. Ma'suda opa hamma o'quvchisini birdek yaxshi ko'rishini takrorlaganda aslida eng sevimlisi va qadrlisi Alisher edi. Oradan bir yil o'tgach Ma'suda opa boshqa endi boshqa bolalarga tarbiya berar edi. Bir kuni u sinf xonasi eshigi tagida xat topib oldi.

Maktub Alisherning qo'li bilan yozilgan edi: “Siz meni o'qitgan o'qituvchilar ichida eng yaxshisisiz”.

Besh yil o'tgach u sobiq o'quvchisidan yana bir maktub oldi va unda Alisher kollejni yaxshi baholarga bitirib, talabalar orasida uchinchi o'rinni olgani haqida yozilgan edi. Va Ma'suda opa uning hayotdagi eng yaxshi ustozi ekanligi ta'kidlangandi. Oradan to'rt yil o'tib muallima sevimli o'quvchisidan yana bir maktub oldi. Alisher barcha qiyinliklarga qaramasdan universitetni a'lo baholarga bitirayotgani haqida va ustozi bolaga hayotida dars bergan boshqa ustozlar ichida hali ham unga eng yaxshisi ekanligi haqida yozgan edi.

Yana to'rt yildan so'ng esa navbatdagi maktub keldi. Unda Alisher universitetni yakunlagach bilimi doirasini yanada oshirishga bel bog'lagani va juda yaxshi natijalarga erishgani haqida yozilgandi. Uning ismi-sharifini esa “Doktor” so'zi bezab turardi. Bu xatida ham sodiq o'quvchi ustozini umrida unga ta'lim bergan eng yaxshi o'qituvchi ekanligi haqida satrlar bitgan edi.

Vaqt o'tib borardi. Xatlarining birida Alisher bir qiz bilantanishganligi va unga uylanish niyatida ekanligi haqida ma'lum qilgan edi. Yigit otasi ikki yil avval olamdan o'tgani haqida bildirib, Ma'suda opasidan to'yda kuyovning onasi o'rnida bo'lishini iltimos qildi.

Muallima albatta bunga rozilik berdi. Alisherning to'yi kuni Ma'suda opa o'sha bir necha yil avval hadya sifatida olgan toshlari etmaydigan bilakuzukni taqib, huddi unga sovg'a qilingan atirdan sotib oldi. Ular quchoq ochib ko'rishdilar va Alisher o'ziga qadrli iforni his etdi.

- Menga bo'lgan ishonchingiz uchun rahmat ustoz. Menga odamlarga kerakliligim va kimgadir ahamiyatli ekanligimni sezishimga imkon berganingiz uchun, o'z kuchlarimga ishonishni, yaxshini yomondan ajratishni o'rgatganingiz uchun rahmat.

Muallima ko'zlarida yosh bilan sevimli o'quvchisiga javob berdi:
-Adashyapsan, men senga emas, aksincha sen menga hamma narsani o'rgatding. Men sen bilan tanishgunimga qadar odamlarga qanday ta'lim berish kerakligini bilmaganman!

Manba: Kumush sahifalar kanali
waplog