Qo'ng'iroq
Bolaligimizda tengqurlarimiz yashaydigan uyning darvozasini ohista taqillatardik va ichkaridan ovoz kelishi bilan o'rtog'imizning ismini aytib, "o'ynaysanmi?" derdik.

Shiftga termilib yotgan Baxtiyor shuni ko'nglidan o'tkazib, yonboshladi. Chuqur xo'rsinib, "Bugun shunday ajoyib damlar, unutilmas go'zal xotiralarga aylandi-ya", deb afsus qildi.

Chindan ham, xotira ezgu tushuncha, buyuk bisot...

Baxtiyorning og'rib qolganiga uch kun bo'ldi. Na turishidan, na yurishidan darak bor. Hech nima ko'ngliga sig'maydi. Atrofdagilarning g'amxo'rligi dardiga malham bo'lmaydi. Ahvoli shu darajadaki, hatto qo'liga qo'ngan xira pashshani-da, quvishga madori etmaydi. Xullas, yo'g'on cho'zilish, ingichka uzilish arafasida turgan bir paytda tuyqus eshik qo'ng'irog'i chalindi.

Turmush o'rtog'iga maxsus taom pishirayotgan Aziza oshxona derazasidan bosh chiqarib:

– Kim u, – dedi.

Ko'chadan "Bax-ti-yor... ...o'y-nay-san-mi?" degan tanish ovoz keldi. Eshik ohista ochilib, qadrdon chehralar namoyon bo'ldi. Baxtiyor do'stlarini ko'rib, sevinchdan terisiga sig'may ketdi. O'rnidan turishga bazo'r urinib, inqillagancha, – Ey-y-y bormisizlar?! Hozirgina o'ylagandim. Ichimsizlar-da. Kelinglar, kelinglar – dedi...

Do'stlar burungidek ko'chaning ikki chetiga toshdan "darvoza" qurib to'p tepishmadi. Chinor, tol, terak va boshqa daraxtlarning ortiga o'tib bir-birovidan berkinmadi. Vali akaning mahalllasidan G'ani akaning ko'chasiga dovur halloslab quvlashmadi. Eshak mindi, chillaki o'ynashmadi. O'ynashmadiyu, hov anavi qo'shni devor ortida qolib ketgan beqadr bolalik bilan bog'liq tiniq xotiralarni eslab, kulishib o'tirishdi.

Kun tig'ida kelgan mehmonlar, qaytishga chog'langanida qosh qoraygandi.

Jo'ra boshi – Murod yuziga fotiha tortgach, Baxtiyorga qarab shunday dedi:

– Dardga bunaqa engil bo'lma, yotishni bas qil, senga yarashmaydi oshna! O'rningdan tur-da, borib tijoratingdan xabar ol. Eshitishimizcha, Marhabo opamiz adashim – Murodbekni uylantirayotgan ekanlar. Bittayu bitta jigaring, suyukli jiyaning. Opamga uka, jiyanga tog'a bo'lib yonlarida turmasang odamlar uyat qilmaydimi?! Sen haligi past mahallada yashaydigan Arab semizdan o'rnak olsang bo'lardi. O'zi ancha betob ekan, yilda ikki marta davolanarmish. Uning shu choqqacha ko'rpa-to'shak qilib, uzlatga ketganini birov ko'rmagan. Seniki uning oldida burga tepkanday gap-ku! Xullas, ertaga yakshanba. Hamma uyda bo'ladi. Tushdan keyin Akramxo'janing choyxonasiga chiq. Jiyanimiz Murodbekning nikohini maslahat qilamiz.

Baxtiyor do'sti Murodning so'zlarini diqqat bilan tinglab "xo'p", deganday bosh silkidi. Ularning ketishiga istamaygina ruxsat berdi...

Tong. Baxtiyor har galgidan-da tetik uyg'ondi. O'zini allanechuk, bardam, tiyrak his qilar, bunga hatto o'zi ham ishongisi kelmasdi. Hayratdan Azizaning og'zi yopilmay qolganini-ku aytmasa ham bo'laveradi.

Baxtiyor nonushtadan keyin, odatiga ko'ra do'koniga yo'l oldi.

"...Arab semizdan o'rnak olsang bo'lardi. O'zi ancha betob ekan, yilda ikki marta davolanarmish...".

Baxtiyor past mahalladan o'tayotganda do'sti Murodning shu so'zlarini, Qandolatchi Arabboyning buyurtmani olib kelganda "palon kundan palon vaqtgacha palon markazda davolanmasam bo'lmaydi, shirinliklarni o'rnimga vaqtincha ukam etkazib beradi", degani, uning bu "tushuntirish"lariga ayrim kishilarning orqa varotdan tirnoq ichida munosabat bildirgani yodiga tushdi.

Baxtiyor Arabboyni bir necha marta ko'rgani borgan. Hamkori bilan uzoq, samimiy, dildan suhbatlashgan. Qandolatfurushni yo'qlab boruvchilarning keti uzilmaganiga ko'p bor guvoh ham bo'lgan.

Ha, mehr ko'zda bo'ladi, odam taftini odam oladi, deb bejiz aytishmaydi. Biror erda og'rib yotganingda ortingdan birov borsa, uning yuz-ko'zidagi samimiyat, senga bo'lgan mehri, g'amxo'rligi ko'nglingni tog'dek ko'taradi. O'zingni bag'ayrat his qilasan, tezda sog'ayib ketasan.

Baxtiyor shularni xayol qilib bir-bir bosib borar ekan, o'ziga-o'zi:

"Kecha do'stlarim kelmaganida, kim bilsin, yana qancha yotardim. Ularning boriga shukr! Diydori menga kuch berdi", dedi. Keyin cho'ntagiga qo'l suqib telefonini oldi va o'ziga avvaldan ma'lum bo'lgan raqamni terdi. Yuziga tabassum yugurib, u yoqdan kelgan ovozga:

– Arabboy, omonmisan? Bugun do'konga kelsang soz bo'lardi. Miriqib gurung qilardik...

Manba: www.bekzodhidoyatov.blogspot.ru
waplog