Navbat
Hilola opa bugun vaqtli turdi. Homilador qizi Lobarni shahardagi kasalxonaga olib bormoqchi edi. “Lobar, tezroq kiyin, ertaroq bormasak, kasalxonada navbat ko‘payib ketadi” – deb qizini shoshtirgan bo‘ldi. Ona-bola kasalxonaga kirib kelishganida soat 10 dan oshgan edi. Kasalxona koridori navbat kutib o‘tirgan ayollar bilan to‘la edi. Hilola opaning hayolidan, bu ketishda peshingacha ham navbat kelmaydi, degan gap o‘tdi. Qiziga – “Sen o‘tirib tur” – deb kasalxona hovlisiga chiqdi. Sumkasidan telefonini chiqarib tanishi Jahongirga qo‘ng‘iroq qildi.

- Jahongir, kasalxonaga kelgandik, juda navbat ko‘p ekan, haligi tanish doktoringizga telefon qilib tayinlab qo‘ying, bizni navbatsiz chaqirib olsin.
- Opa, axir necha marta yordam beraman? O‘tgan gal ham shunday qilgan edingiz. Bilasiz, bunaqa ishlarni yomon ko‘raman. Axir, navbat kutib soatlab o‘tirganlar bor. Ularga nisbatan hurmatsizlik-ku bu!

Hilola opa yalinavergach, Jahongir bu so‘nggi marta ekanligini ta’kidlab, rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi. Tanish doktorga telefon qilib Hilola opaning familiyasini berdi. Ichida doctor uning iltimosini rad etishidan umidvor edi.

Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas kasalxona koridorida Hilola opaning familiyasi yangradi va u qizini yetaklab doktor qabuliga kirib ketdi. Odamlarning norozi nigorlariga javoban: “Qo‘lingdan kelsa, sen ham shunday qil” deganday ko‘zlarini suzib qo‘ydi.

Keyingi hafta Hilola opa ish bilan bankga kirdi. Qarasa, yana navbat. Odatdagidek Jahongirga telefon qildi. Lekin, ming urinsa ham u bilan bog‘lana olmadi. Nailoj navbat kutib o‘tirdi. Bir soat deganda navbat kelib, endi kirishga shaylangan edi ichkaridagi odam kimningdir familiyasini aytib chaqirdi. Familiyasini eshitgan odam eshik tomon kela boshladi. Hilola opa yig‘i aralash: “Axir, men bir soatdan beri navbatda turibman” – dedi. Haligi odam esa eshikni yopar ekan, unga bir qarab qo‘ydi. Notanish odamning nigohlaridan opaga tanish bir gapni o‘qish mumkin edi: “Qolingdan kelsa, sen ham shunday qil!”.

Shermuhammad
waplog