Yulduzlar haqida
"Surxon" guruhi 1999-yil tashkil etildi va ijodiy faoliyat ko'rsatib kelmoqda. "Surxon" guruhi O'zbekiston qo'shiqchilik san'atiga janubiy hududlar Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining o'ziga xos musiqiy merosini olib kirdi. "Surxon" guruhi bu yo'lda birinchilardan bo'lib ish boshlagan va uni estradamizda yangi yo'nalishdarajasiga ko'tara olgan guruhlardan. "Surxon" guruhi zamonaviy o'zbek qo'shiqchiligida yangi yo'nalishning asoschisi ekani keng jamoatchilik va san'at ahli tomonidan tan olingan "Surxon" guruhi dastlab olti kishi, Mahmud Namozov, Arkadiy Li, Ilhom Mamataliyev, O'ktam Xakimov, Odiljon Karimov va Tulqin Fayzievlardan tashkil topdi.

2002-yil dekabr oyida "Surxon" guruhi Hindistonga (Dehli, Bombey, Trivandrum, Chinay, Andaman va Nikobar orolari) gastrol konsert safariga borib keldi.

2003-yil sentabr oyining birinchi o'n kunligida "Surxon" guruhi Shveysariya(Davos, Altendorf)da bo'lib qaytishdi.

2003-yil yakunida guruhga o'zining sozi va mehnatlari bilan o'z hissasini qo'shgan sozanda O'ktam Xakimov o'zini prodyuserlik sohasida sinab ko'rish maqsadida boshqa guruhda ish boshladi "Surxon" guruhi qolgan besh kishilik tarkib bilan o'z faoliyatida davom etdi.

2004-yil may oyida "Surxon" guruhi Germaniya (Berlin, Frankfrut va Potsdam)da gastrol safarlarida bo'ldilar.

2005-yil "Surxon" guruhi "Tarona" taqdimotida "Yilning eng yaxshi milliy Estrada guruhi" nominatsiyasini qo'lga kiritdi.

2007-yil 13-22 yanvar kunlari Turkiya (Antaliya va Istanbul)da o'z san'atlarini namoyish etib kelishdi.

2007-yil 26-fevral 3-mart kunlari Hindiston (Dehli va Agra)da gastrol safarlarida bo'lib keldilar.

2009-yil may oyida "Surxon" guruhi Janubiy Koreya davlati poytaxti Seul sahrida gastrol-konsert safarida bo'lib u yerdagi barcha tinglovchilarni o'zbek san'atiga oshno qilib qaytishdi.

"Surxon" guruhi 1999-yildan buyon "Turkiston" va "Istiqlol" san'at saroylarida har yili o'zining hisobot konsertlarini o'tkazib kelmoqda. "Surxon" guruhi 10-yil davomida 11ta albomoni muhlislariga havola etdi. "Surxon" guruhi ijrosidagi yuzlab qo'shiqlar audio, video, D va DVD disklarida yuz minglab nushada tarqalgan.

"Surxon" guruhi tarkibidagi xonanda Mahmud Namozov 2009-yil sentabr oyiga qadar guruhda solist sifatida faoliyat ko'rsatib keldi. Mahmud Namozov "Surxon" guruhida faoliyat ko'rsatib, 2000-yili O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, 2008-yil esa O'zbekiston xalq artisti unvonlariga ega bo'ldi. U 2009-yil sentabr oyidan boshlab o'z ijodini yakkaxon xonanda tarzida davom ettira boshladi.

"Surxon" guruhi 2009-yildan boshlab O'zbekistin Respublikasi Madaniyat va Sport ishlari vazirligi Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi safiga kelib qo'shildi.

"Surxon" guruhi o'zining faoliyatini quyidagi tarkibda davom ettirib kelmoqda:

Arkadiy Nam (Aliakbarxon) - xonanda va sozanda. Millati koreys bo'lishiga qaramasdan, nafaqat o'zbek tilida balki ko'plab chet tillarda ham bemalol qo'shiq ayta oladi. O'zbek tilida bemalol muloqot qiladi, o'zbek milliy san'atini juda qadrlaydi. Mohir gitarachi, bir necha torli cholg'ularda musiqa ijro eta oladi. Shu bilan birgalikda "Surxon Group" MChJ direktori. U Toshkent shahar Bektemir tumanida tug'ilgan.

Ilhom Mamataliyev - bastakor va prodyuser. "Surxon" guruhi dasturdagi ko'plab qo'shiqlarning muallifi. Uning ijodiga mansub musiqiy kompozitsiyalar nafaqat "Surxon" guruhi, balki mamlakatimizdagi boshqa ko'pgina taniqli san'atkorlar tomonida ham ijro etilgan. San'atga endi qadam qo'yayotgan yosh ijrochilarga yaqindan yordam berib turish, ularga maslahat berish va ular bilan ijodiy hamkorlikda bo'lib turishni o'zining burchi deb biladi. U Surxandaryo viloyati Muzrabot tumanida tavallud topgan.

To'lqin Fayziev (To'lqin Fayz) - xonanada va sozanda. O'zbek mumtoz, Estrada va folklyor qo'shiqlarini mohirona kuylashdan tashqari, zarbli cholg'ularni mahorat bilan ijro etadi. To'lqinning musiqaga bo'lgan qobiliyatining ajoyibligi uning san'atkorlar oilasida tug'ilganligi bo'lsa ajab emas. U Surxondaryo viloyati Muzrabod tumanida tavallud.

Odiljon Karimov (Odil Karim) - xonanada va sozanda. U folklyor, o'zbek mumtoz, estrada va chet el qo'shiqlarini mohirona kuylaydi. Bundan tashqari barcha cholg'u asboblarini, shuningdek etno cholg'ulari bo'lgan do'mbira, chanqovuz, sibiziq, shulloviq, spol naylarning mohir ijrochisi. U Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanida tavallud topgan.

2009-yil guruh o'zining yangi "Mard yigitlar o'ynasin" deb nomlangan MP3+bonus kliplar albomini va "Adosiman", "Sunbul sochlar", "Hazil qo'shiq", "Husningga hayron", qo'shiqlariga videoklip suratga oldi. Huddi shu yili "Istiqlol" san'at saroyida "Surxon" guruhi o'zining "Mard yigitlar o'ynasin" deb nomlangan 10 yillik yubiley-konsertini o'tkazdi.>

"Surxon" guruhi mamlakatimiz bo'yicha keng nishonlanadigan "Mustaqillik" va "Navro'z" bayramlari, davlat miqyosida o'tkaziladigan badiiy tadbirlarning doimiy ishtirokchisi. Guruh repertuarida o'nlab tildagi qo'shiqlar bor.

2010-yil aprelda guruh o'zining yangi "Sirg'ali qiz" deb nomlangan MP3 albomini taqdim etdi.

2010-yil iyun oyining birinchi o'n kunligida Germaniya davlatining Berlin, Shtrausburg va Gissen shaharlarida bo'lib o'tgan O'zbekiston madaniyati va iqtisodiyoti kunlari tadbirlarida o'z konsert dasturlarini namoyish etib kelishdi.

2010-yil sentabr oyining o'n kunligida Malayziya davlatining poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston Mustaqilligi kunlarida o'z san'atlarini namoyish qilishdi. Guruh Kuala-Lumpur shahri merining maxsus taklifiga binoan ham Malayziyalik san'atkorlar bilan birgalikda konsert dasturlarini namoyish etishdi.

2010-yil oktabrda guruh o'zining yangi "Shodiyona" deb nomlangan MP3 albomini taqdim etdi.

2011-yilning mart oyida guruh o'zining yangi "Yorim kel" deb nomlangan CD albomini hamda DVD kliplar to'plamini muhlislarga havola etdi.

Ayni paytda guruh dasturida yuzga yaqin qo'shiq va ko'plab kliplar mavjud. Jumladan "Adosiman", "Sunbul sochlar", "Hazil qo'shiq", "Husningga hayron", "Sirg'ali qiz", "O'yna sanam", "Oy yuzlaring", "Mard yigitlar", "Aylanayin muhabbat", "Begoyim", "Zuhro", "Vatanim", "Gadis Mlayu"(Malaylik qizga), "Qoshu-ko'zing", "Yorim kel", "Yoroney" kabi.